Tramp AQShdagi oraliq saylovlar natijalarini shubha ostiga qoʻydi
Prezident Donald Tramp AQShdagi oraliq saylovlardan qariyb bir hafta oʻtib, ovoz berish adolatsiz boʻlganini aytdi va natijani ovoz berish mashinalari faoliyati bilan bogʻladi.

AQShda oraliq saylovlardan qariyb bir hafta oʻtib, Tramp Truth Social tarmogʻida ovoz berishning adolatliligiga shubha bildirgan xabarni eʼlon qildi. Uning aytishicha, erta ovoz berishdagi yirik natijalar saylov uchastkalariga qancha odam kelishidan qatʼi nazar, gʻalabani imkonsiz qilgan. Tramp, shuningdek, mashinalar saylovchilardan muhimroq ekanini yozdi.
Manbaga koʻra, bungacha prezident magʻlubiyatda saylov jarayonining oʻzini ayblamagan. U natijani respublikachilarning, jumladan, Texas gubernatori Greg Ebbottning xatti-harakatlari bilan izohlagan. Trampning fikricha, Ebbott MAGA harakatidan uzoqlashgan. Prezident, shuningdek, keyingi ikki yilni faqat demokratlar tashabbuslarini toʻsib qoʻyishga sarflamaslik uchun ular bilan hamkorlik qilishga tayyorligini aytgan.
Keyinroq Tramp Oval kabinetga «VETO» yozuvi tushirilgan qizil kepkani joylashtirdi, Stiven Millerni ilgari surdi va demokratlarni oʻz maʼmuriyati ustidan nazorat olib borgani uchun javobgarlikka tortishni taklif qildi.
Shu bilan birga, manba qayd etishicha, saylovoldi soʻrovlari haqiqatan ham xato qilgan, ammo Tramp aytgan yoʻnalishda emas. Bir qator shtatlarda soʻrovlarda demokratlar raqiblaridan oldinda boʻlgan, biroq yakuniy farq bundan ham kattaroq chiqdi. Soʻrovlarda, shuningdek, Janubiy Karolina va Missisipida respublikachilarning pozitsiyalari nisbatan kuchli ekani koʻrsatilgan edi, endilikda esa ular Senatdagi oʻrinlarini boy berishi kutilmoqda.
Demokratlarning eng yirik gʻalabasi Texasda qayd etildi: Jeyms Talariko Senatdagi oʻrin uchun kurashda Ken Pakstonni katta ustunlik bilan ortda qoldirdi, Jina Xinoxoza esa gubernatorlik saylovida Ebbott ustidan gʻalaba qozondi. Biroq respublikachilar shtat qonunchilik organi ustidan nazoratni saqlab qoldi, Ebbott esa lavozimida qolmoqda. Tramp bunday sharoitda, uning versiyasiga koʻra, demokratlar saylovni qanday soxtalashtirishi mumkin boʻlganini tushuntirmadi.



