NATO bosh kotibi 1997-yilgi chegaralarga qaytish talablarini nomaqbul deb atadi
NATO bosh kotibi Mark Ryutte Moskvaning alyansni kengaytirmaslik va Sharqiy Yevropadagi kuchlarni cheklash haqidagi talablarini nomaqbul deb atadi.

NATO Parlament Assambleyasi yigʻilishida Ryutte alyans kelajagiga oid qarorlarni faqat uning aʼzolari qabul qilishi mumkinligini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, bu tamoyil Rossiya va Yevropa mamlakatlari bilan boʻlishi mumkin boʻlgan muzokaralarda ham qoʻllanadi.
Gap Moskva 2021-yil dekabrida AQSh va NATOga yuborgan xavfsizlik kafolatlari haqidagi bitim loyihalari haqida bormoqda. Rossiya NATOning sharqqa, jumladan, Ukrainani qabul qilish orqali keyingi kengayishidan voz kechishni huquqiy jihatdan mustahkamlashni, shuningdek, alyansning oʻz hududidagi harbiy faoliyatini toʻxtatish va Yevropada qoʻshimcha kuchlar hamda qurol-yarogʻ joylashtirilishini 1997-yil 27-maydagi daraja bilan cheklashni taklif qilgan.
AQSh va NATO bu talablarni qabul qilmadi, «ochiq eshiklar» siyosatini va muloqotga tayyorligini tasdiqladi. Noyabrda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov alyansning kengayishdan voz kechishini hujjat bilan mustahkamlash zarurligini yana bir bor aytdi. NATO esa Moskvaga sharqqa kengaymaslik haqida majburiyat berganini rad etmoqda.



