IndyCar sobiq piloti Ferrariʼga Lekler yoki Xemiltonni bir Gran-priga chetlatishni taklif qildi
IndyCar sobiq poygachisi Jeyms Xinchkliff Ferrariʼga Sharl Lekler yoki Lyuis Xemilton oʻrniga Oliver Bermanni Qatar yoki Abu-Dabi Gran-prisida haydashni taklif qildi.

Las-Vegasdagi bosqichda Lekler va Xemilton toʻqnashganidan soʻng, Xinchkliff Ferrari pilotlaridan birini vaqtincha chetlatishni taklif qildi. Uning fikricha, yaqinlashib kelayotgan ikki bosqichdan birida avtomobilni Haas safida qatnashayotgan Berman boshqarishi kerak.
IndyCar sobiq poygachisi bunday qaror pilotlar uchun jazo boʻlishi va shu kabi hodisalarning oqibatlari jiddiy ekanini koʻrsatishini aytdi. U, shuningdek, Las-Vegasda 352 ta quvib oʻtish boʻlganini taʼkidladi. Shu sababli, uning fikricha, bahsli manyovr raqibdan oʻtishning yagona imkoniyati boʻlmagan va oqlanmagan tavakkalni talab qilmagan.
Xinchkliff Ferrari rahbari Fred Vasser yana qanday choralar koʻrishi mumkinligini bilmasligini qoʻshimcha qildi.



