Waymo Kaliforniya rasmiylari qaroridan soʻng avtomagistrallardagi qatnovlarni toʻxtatdi
Kaliforniya rasmiylari taʼmirlash hududlaridagi hodisalardan soʻng Waymoʻning avtomagistrallardagi ishini chekladi. Kompaniya cheklovni AQShdagi barcha faoliyat shaharlarida vaqtincha joriy etdi.

Kaliforniya Avtotransport vositalari departamenti 11 noyabrda cheklov joriy qildi. Bunga U.S. 101 trassasining Burlingame yaqinidagi taʼmir sabab yopilgan hududiga Waymoʻning uchta haydovchisiz avtomobili kirib qolgani sabab boʻldi. Highway 280’da, San-Fransiskoda yuz bergan alohida hodisada shtat yoʻl politsiyasi mashinalari jalb etilgan.
Regulyator Waymoʻning avtomagistrallardagi faoliyatini jamoat xavfsizligiga bevosita tahdid deb atadi. Cheklovlar kompaniya aniqlangan kamchiliklarni samarali choralar bilan bartaraf etganini tasdiqlamaguncha amal qiladi. Waymo talabga rioya qilib, avtomagistrallarga kirishni nafaqat Kaliforniyada, balki boshqa bozorlarida ham yopdi — kompaniya jami AQShning 15 shahrida ishlaydi.
Waymo vakili Dana Gallagherning aytishicha, U.S. 101’dagi hodisalarda jabrlanganlar ham, toʻqnashuvlar ham boʻlmagan. Xizmat oddiy koʻchalarda ishlashda davom etmoqda. Kompaniya avtomagistrallardagi qatnovlarni qayta tiklash uchun rasmiylar bilan hamkorlik qilayotganini ham bildirdi.
Waymo bunday qatnovlarni 2025 yil oxirida yoʻlga qoʻydi, may oyida esa taʼmirlash hududlaridan oʻtish bilan bogʻliq muammolar sabab ularni vaqtincha toʻxtatdi. Iyulda avtonom boshqaruv tizimi yangilangach, xizmat qayta ishga tushdi.



