Maskat markaziy koʻchalarida Oʻzbekiston sayyohlik yoʻnalishlari namoyish etilmoqda
Maskatdagi LED-ekranlarda Oʻzbekistonning diqqatga sazovor joylari, madaniyati va sayohat yoʻnalishlari targʻib qilinib, Ummon sayyohlarini, jumladan qishda ham, jalb etish koʻzlanmoqda.

2026-yil 16-noyabr kuni Ummonning Maskat shahridagi LED-ekranlarda Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatiga bagʻishlangan videoroliklar namoyish etilmoqda. Kampaniya Ummon aholisi orasida Oʻzbekistonga sayohat qilishga qiziqishni oshirish va yil oxirigacha sayyohlar oqimini koʻpaytirishga qaratilgan.
Reklama maydonlari Saruj va Shatti al-Qurumning turar joy hamda diplomatik hududlarida, Bosherdagi «Taminat» majmuasi yonida, Al-Hayl avtomagistrali boʻylab va Maskat universiteti kampusi hududida joylashgan. Shu tariqa roliklarni mahalliy aholi, talabalar, tadbirkorlar, diplomatlar va xorijlik mehmonlar koʻrishi mumkin.
Videolarda Samarqand, Buxoro va Xivaning tarixiy obidalari, Oʻzbekistonning madaniy merosi, milliy anʼanalari va gastronomiyasi namoyish etilgan. Shuningdek, zamonaviy sayyohlik infratuzilmasi va sayohat yoʻnalishlari ham koʻrsatilgan. Kampaniya qish mavsumida ummonlik sayyohlarni jalb etish va ikki mamlakat oʻrtasidagi sayyohlik aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.



