SkyShowtime 2027 yil oxirida yopiladi, CEO Monti Sarxan ketadi
Yevropaning SkyShowtime servisi 2027 yil oxirida faoliyatini toʻxtatadi. Bosh direktor Monti Sarxan ketadi, moliya direktori Mark Nil esa kompaniyaga vaqtincha rahbarlik qiladi.

SkyShowtime direktorlar kengashi bu hafta xodimlarni qaror haqida xabardor qildi. Kompaniya servisni bosqichma-bosqich yopish doirasida faoliyatini tugatadi, Mark Nil esa oʻtish davrida bosh direktor vazifasini bajaradi.
SkyShowtimeʼni Comcast va Skydance qoʻllab-quvvatlaydi. Ikki oy avval kompaniya egalari strategik tahlil oʻtkazayotgani, platformani yopish esa koʻrib chiqilayotgan variantlardan biri ekani maʼlum boʻlgan. Servis katta kontent xarajatlariga qaramay foydaga chiqmagani aksiyadorlarni xavotirga solgan. Oʻtgan yili unga kamida 1 milliard dollar sarmoya kiritilgani maʼlum boʻldi, biroq servis hanuz zarar koʻrib kelayotgan edi.
Servis 2022 yilda Amsterdamda Paramount va Comcastʼning qoʻshma korxonasi sifatida ishga tushirilgan. U Paramount+, Sky Studios kontenti va mahalliy original loyihalarni birlashtirib, Yevropaning 22 ta bozorida faoliyat yuritgan. Yopilish haqidagi qaror kompaniya egalari tuzilmasidagi oʻzgarishlar fonida qabul qilindi: Paramount endi Skydance bilan bir guruh tarkibida, Comcast esa koʻngilochar aktivlarini ajratmoqda.



