Gipermasshtabli maʼlumotlar markazlari AQSh elektrining 2 foizini ishlatadi
Tadqiqotga koʻra, AQShdagi 403 ta maʼlumotlar markazi 2024-yil mayidan 2025-yil apreligacha 68–99 TWh, yaʼni mamlakat elektrining 1,5–2,2 foizini sarflagan.

Tadqiqot 2024-yil mayidan 2025-yil apreligacha AQShda ishlagan gipermasshtabli maʼlumotlar markazlarini qamrab oldi. Mualliflar sunʼiy intellekt uchun hisoblashlarni maʼlumotlarni qayta ishlashning anʼanaviy xizmatlaridan ajrata olmadi. Shu sababli baho tadqiqotga kiritilgan barcha obyektlarga taalluqli.
Avval jamoa 675 ta obyektni qamrab olgan tijoriy maʼlumotlar bazasidan foydalandi. Unga OAV va kompaniyalar xabar bergan, shuningdek, sunʼiy yoʻldosh tasvirlari orqali aniqlangan obyektlar kiritildi. Tekshiruvdan soʻng 403 ta maʼlumotlar markazi qoldirildi: ularning har biri uchun koʻrsatilgan elektr quvvati mavjud boʻlgan, bino hajmi, sovitish uskunalari va elektr tarmogʻiga ulanishi tasdiqlangan. Qolgan obyektlarning oʻrtacha elektr quvvati qariyb 40 MVtni tashkil etdi.
Bunday tanlov natijani ehtiyotkorona, yaʼni pastroq bahoga olib kelgan boʻlishi mumkin: yirik maʼlumotlar markazlari deb hisoblangan 272 ta obyekt hisob-kitobdan chiqarildi. Shu bilan birga, kiritilgan obyektlarning ayrimlari aynan sunʼiy intellekt markazlari boʻlmasligi mumkin.
Shu sababli amaldagi isteʼmol diapazon sifatida baholandi. Oddiy maʼlumotlar markazlari uchun quvvatning oʻrtacha 48 foiz ishlatilishi, sunʼiy intellektni oʻqitish bilan bogʻliq yuklamalar uchun esa qariyb 70 foiz ishlatilishi olindi. Natijada 403 ta obyektning yillik isteʼmoli 68–99 TWh deb baholandi. Bu Viskonsin yoki Indiana shtatlaridagi jami elektr isteʼmoliga teng miqyos boʻlib, keyingi kuzatuvlar uchun boshlangʻich nuqta boʻlib xizmat qilishi mumkin.
Yana oʻqing

Xpeng 1–2 yil ichida uylarda gumanoid robotlardan foydalanishni boshlashi mumkin
Texnologiyalar10:52
NASA XKSga saraton, mushak atrofiyasi va oʻsimlik yetishtirish boʻyicha tadqiqotlar uchun uskunalar yuboradi
Texnologiyalar10:19
