Bam Adebayo «Miami» safida LeBron James natijasini takrorladi
«Miami Heat» markaziy oʻyinchisi Bam Adebayo klub safidagi toʻqqizinchi triple-dablini qayd etib, NBAning toʻrt karra chempioni LeBron Jamesga yetib oldi. «Miami» 123:113 hisobida gʻalaba qozondi.

23 noyabr kuni «Oklahoma City Thunder»ga qarshi oʻyinda «Miami» NBA muntazam chempionatida ketma-ket yettinchi gʻalabasini qoʻlga kiritdi. Adebayo 24 ochko toʻplab, 15 ta ribaund oldi va 12 ta samarali uzatma berdi. Shuningdek, u hisobiga ikkita toʻp olib qoʻyish va uchta blok yozildi.
Toʻqqizinchi triple-dabl Adebayo uchun «Miami» tarixida James bilan ikkinchi oʻrinni boʻlishish imkonini berdi. James klub safida 2010–2014 yillarda oʻynagan. Rekord esa 13 ta triple-dabl qayd etgan Jimmy Butlerga tegishli.
Bu oʻyinda Adebayo maydondan yoʻllagan 11 ta zarbasining sakkiztasini va toʻqqizta jarima toʻpining sakkiztasini aniq amalga oshirdi.



