Shavkat Mirziyoyev Tojikiston parlamenti yuqori palatasi raisi Rustam Emomalini qabul qildi
4-noyabr kuni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan kelgan Rustam Emomalini qabul qilib, unga «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenini topshirdi.

Muzokaralar chogʻida Rustam Emomali Shavkat Mirziyoyevga Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Tomonlar doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik sohalarida Oʻzbekiston-Tojikiston aloqalarini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar. Parlamentlararo hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzaro savdo va yuk tashish hajmi oshgani, shuningdek, sanoat, qurilish, energetika, qishloq xoʻjaligi va elektrotexnika sohalaridagi qoʻshma ishlar qayd etildi.
Qoʻshma Investitsiya kompaniyasi faoliyatiga ijobiy baho berildi. Bundan tashqari, tomonlar poytaxtlar va hududlarning bevosita aloqalarini, shuningdek, madaniy, gumanitar, taʼlim va turizm sohalaridagi almashinuvlarni yanada faol rivojlantirish zarur, degan fikrga kelishdi.
Parlamentlarga oliy darajada erishilgan kelishuvlar va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda ishtirokini kuchaytirish taklif qilindi. Buning uchun komissiyalar, doʻstlik guruhlari va alohida yoʻnalishlar boʻyicha qoʻmitalar faoliyatini faollashtirish koʻzda tutilmoqda.
Uchrashuv yakunida Rustam Emomaliga «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni topshirildi. Shavkat Mirziyoyev uning ikki davlatning strategik sherikligi va ittifoqchiligini mustahkamlash, shuningdek, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishdagi xizmatlarini taʼkidladi.



