Putin Rossiya Arktika zonasini rivojlantirish strategiyasini tasdiqladi
Prezident Vladimir Putin Rossiya Arktika zonasini rivojlantirish strategiyasini tasdiqladi. Hukumat olti oy ichida Arktika va Transarktika transport koridorini rivojlantirish loyihasini tayyorlashi kerak.

26 noyabr kuni prezidentning Rossiya Arktika zonasini rivojlantirish va Arktikada milliy xavfsizlikni taʼminlash strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi farmoni eʼlon qilindi. Hujjat 2035 yilgacha boʻlgan davr hamda 2050 yilgacha boʻlgan istiqbol uchun moʻljallangan.
Hukumat Arktika zonasi va Transarktika transport koridorining kompleks loyihasini Prezident huzuridagi Strategik rivojlanish va milliy loyihalar boʻyicha kengashga taqdim etishi kerak. Vazirlar Mahkamasi, shuningdek, har yili hisobot yilidan keyingi yilning 15 iyuniga qadar prezidentga strategiyaning amalga oshirilishi toʻgʻrisida hisobot yuborishi shart.
Hujjatda Arktika subyektlarining yalpi hududiy mahsuloti 2020 yildagi 5,6 trln rubldan 2024 yilda 11 trln rublgacha, investitsiyalar esa 1,5 trln rubldan 2,9 trln rublgacha oshgani aytiladi. Shimoliy dengiz yoʻli orqali yuk tashish hajmi 33 mln tonnadan 37,9 mln tonnagacha, portlar quvvati esa 32 mln tonnadan 47,7 mln tonnagacha oshgan.
Shimoliy dengiz yoʻli akvatoriyasida sakkizta atom muz yoruvchi kemadan iborat guruh tuzilgan. 22220-loyihaning yana uchta seriyali muz yoruvchi kemasi va «Lider» bosh atom muz yoruvchi kemasi qurilish bosqichida. Milliy manfaatlar qatorida Rossiya xavfsizligi, iqtisodiyot va Transarktika koridorini rivojlantirish, hayot sifatini oshirish hamda Arktikani tinchlik va barqarorlik hududi sifatida asrab-avaylash qayd etilgan.



