Davlat mulki sotuvi: mablagʻlar qayerga yoʻnaltiriladi va kim boshqaradi
Oʻzbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi davlat mulki va yerlar sotuvidan tushgan daromadlar qanday taqsimlanishi va nimaga yoʻnaltirilishini tushuntirdi.

Agentlik davlat aktivlari va yer uchastkalari sotuvidan tushgan mablagʻlar respublika budjeti tarkibidagi maxsus jamgʻarmaga oʻtkazilib, hududlarni rivojlantirish, mahalliy budjetlarni qoʻllash va infratuzilmaga yoʻnaltirilishini bildirdi.
Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan mablagʻlarning bir qismi maqsadli loyihalarga sarflanadi. Jumladan, Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasi poytaxtdagi yangi loyihalar va infratuzilma obyektlarini moliyalashtiradi.
Davlat organlari binolari sotuvidan tushgan mablagʻlar Yangi Toshkentda vazirlik va idoralar uchun maqbullashtirilgan maʼmuriy majmualar qurilishiga yoʻnaltiriladi. Bu binolardagi maydonlardan belgilangan meʼyorlar asosida foydalanish kerak.
10 ming kvadrat metrgacha boʻlgan yer uchastkalari va davlat koʻchmas mulki obyektlari sotuvidan tushgan daromadlar tumanlar va viloyatlar budjetlariga oʻtkaziladi. Mahalliy hokimliklar mablagʻlarni hududiy loyihalar, ijtimoiy obyektlarni taʼmirlash va infratuzilmani modernizatsiya qilishga yoʻnaltirishi mumkin.
Hokim yordamchilarining onlayn buyurtmanomalari asosida savdoga chiqarilgan 5 ming kvadrat metrgacha boʻlgan obyektlar sotuvidan tushgan mablagʻlar tegishli mahallalar jamgʻarmalariga oʻtkaziladi. Ular joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishga sarflanadi.



