Ormuz boʻgʻozida xatarlar qayta paydo boʻlib, TTF gazi 86 yevrogacha koʻtarildi
Yevropadagi TTF gaz indikatori seshanba ertalab 2 foizga oshib, $94,61 yoki MVt·soatiga 86 yevroga yetdi. Bunga Ormuzdagi taranglik va sovish kutilayotgani fon boʻldi.

Niderlandiyaning Amsterdamdagi gaz savdo maydonchasida yaqin oyda yetkazib beriladigan TTF kontrakti seshanba ertalab 2 foizga qimmatlab, MVt·soatiga $94,61 (86 yevro)ga yetdi. Bir kun avval narxlar AQShdagi suyultirilgan tabiiy gaz (LNG) terminallariga gaz yetkazib berish hajmi oshgani va Yevropaning eng yirik isteʼmolchi mamlakatlarida havo iliq boʻlgani sabab 7 foizga pasaygan edi.
Prognozlarga koʻra, 20 noyabr atrofidan Yevropaning katta qismida havo soviydi. Bu isitish va elektr energiyasiga talabni, shu bilan birga gaz isteʼmolini oshirishi mumkin. Shu bilan birga, LNG tashuvchi tankerlarning Ormuz boʻgʻozidan oʻtishida qiyinchiliklar saqlanib qolmoqda: undan chiqib ketayotgan yuklarning oʻrtacha soni urushdan oldingi darajaning qariyb uchdan biriga teng deb baholanmoqda. Eron harbiylari seshanba kuni yana dronlar yordamida AQSh obyektlariga hujum qildi va kemalarni «soxta Amerika yoʻnalishlari»dan foydalanmaslik haqida ogohlantirdi.
Yevropa gaz omborlari taxminan 70 foiz toʻlgan, avvalgi yillarda esa bu koʻrsatkich qariyb 90 foiz edi. Germaniyadagi ombor operatorlari uyushmasi INES ogohlantirishicha, harorat oʻta past boʻlsa, bu qishda gaz yetkazib berish toʻliq taʼminlanmasligi mumkin.



