Indoneziya fabrikasidagi yongʻinda kamida uch kishi halok boʻldi, 36 kishi bedarak yoʻqolgan
Banten viloyatidagi Fonusa Agung Mulia fabrikasida yongʻin kamida uch kishining hayotiga zomin boʻldi, yana 36 kishi bedarak yoʻqolgan. Kamida 15 kishi qutqarildi.

Yakshanba kuni Jakarta bilan chegaradosh Banten viloyatidagi Fonusa Agung Mulia shirinliklar fabrikasida qutqaruv operatsiyasi davom etdi. Indoneziya Milliy qidiruv-qutqaruv agentligi maʼlumotiga koʻra, qutqarilgan 15 kishidan toʻrt nafari kasalxonaga olib borilgan.
Yongʻin boshlanganidan 12 soatdan koʻproq vaqt oʻtganiga qaramay, uch qavatli binoning bir necha qismida olov saqlanib qolgan. Serang tumani va Banten viloyati oʻt oʻchiruvchilari yongʻinni oʻchirish hamda binoni sovitish ishlarini olib borgan. Qutqaruvchilar esa oʻt oʻchiruvchilar va Indoneziya Qizil Xochi xodimlari bilan birga zararlangan xonalardan odamlarni qidirgan.
Banten gubernatori Andra Soniyning aytishicha, yongʻin chiqqan paytda fabrikada 60 ga yaqin kishi boʻlgan. Korxona Milkita brendi ostida sutli yeguliklar va shirinliklar ishlab chiqaradi. Yongʻin sababi aniqlanmoqda.



