Global iqlim kelishuvi barbod boʻldi: kemachilik shamol va e-metanolga oʻtadimi?
IMO 23 noyabr–4 dekabr kunlari Tramp maʼmuriyati tahdidlari sabab bir yilga kechiktirilgan Net-Zero ramkasini qayta muhokama qiladi.

Xalqaro dengiz tashkilotida Net-Zero ramkaviy dasturi muhokamasi 23 noyabrda boshlanib, 4 dekabrgacha davom etadi. Hujjat global yoqilgʻi standarti va kemalar chiqindilariga narx belgilash mexanizmini koʻzda tutadi. U 2025 yil bahorida maʼqullangan, ammo oktabrda rejalashtirilgan qabul AQSh prezidenti kelishuvni qoʻllab-quvvatlagan davlatlarga boj joriy etish bilan tahdid qilgach qoldirildi. Qarorlar sohaning emissiya profilini 20 yildan ortiq vaqtga belgilaydi.
Dengiz transporti dunyo yuklarining 80 foizdan ortigʻini tashiydi va global CO2 chiqindilarining 2,3 foizini beradi. Flotning qariyb 90 foizi neft yoqilgʻisida ishlaydi. Ekspertlar dekarbonizatsiyaning yagona yechimi yoʻq, deb hisoblaydi: samaradorlikni oshirish, shamol yordamidagi tizimlar, qirgʻoqdan elektr taʼminoti, batareyalar va yangi yoqilgʻilar kerak.
Shamol qurilmalari allaqachon taxminan 150 ta kemada qoʻllanmoqda va ayniqsa tankerlar hamda balkerlarga mos keladi. Kichik kemalar va qisqa-oʻrta masofali yoʻnalishlar uchun portlarda almashtiriladigan konteynerli elektr batareyalar koʻrib chiqilmoqda. LNG eng yetuk oʻtish yoqilgʻisi boʻlib qolmoqda, biroq sizib chiqishlar va metanning yonmay chiqib ketishi uning ekologik samarasini cheklaydi. Ekspertlar bahosiga koʻra, global kelishuvsiz ham bu oʻtish davom etadi, ammo sekinroq.



