Kobaxidze: Gruziya suverenitetni saqlagan holda YIga qoʻshilmoqchi
Bosh vazir Irakliy Kobaxidze YIni Gruziya bilan munosabatlarni ochiq muhokama qilishga chaqirdi: mamlakat suverenitetidan voz kechmay, ittifoqqa qoʻshilmoqchi.

Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze 4 noyabr kuni Yevroittifoqni barcha bahsli masalalar boʻyicha ochiq muloqotga oʻtishga chaqirdi. Uning aytishicha, Tbilisi oʻz suverenitetini himoya qilmoqda deb hisoblaydi va YI yondashuvi ijobiyroq munosabatlar tomon oʻzgarishiga umid qilmoqda.
Kobaxidze Gruziya rivojlanish va yanada demokratik boʻlishga intilayotganini, biroq Yevroittifoqqa qoʻshilish chogʻida oʻz qadr-qimmati va suverenitetini saqlab qolmoqchi ekanini ham taʼkidladi.
Shu kuni Gruziya OAVlari Yevrokomissiyaning nomzod mamlakatlar va YIga kelajakda aʼzo boʻlishi mumkin boʻlgan davlatlar taraqqiyotini baholash haqidagi hisobotini eʼlon qildi. Gruziya boʻyicha tavsiyalarda hisobot mualliflari «noqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum etilgan» deb hisoblagan barcha shaxslarni qamoqdan ozod qilish, yaqinda qabul qilingan qator qonunlarni bekor qilish va keng koʻlamli sud islohoti koʻrsatilgan. Islohot, jumladan, gruziyalik sudyalarning halolligini xorijiy ekspertlar tekshirishini nazarda tutishi kerak.



