Afgʻoniston Qoʻshtepa kanaliga suv yoʻnaltirishga tayyorlanmoqda
Afgʻoniston Milliy taraqqiyot korporatsiyasi Qoʻshtepa kanalining ikkinchi bosqichi deyarli yakunlanganini va Amudaryodan suv yoʻnaltirishga tayyorgarlik koʻrilayotganini maʼlum qildi. Suv olish muddatlari va hajmi aytilmadi.

25 noyabr kuni Afgʻoniston shimolida Milliy taraqqiyot korporatsiyasi kanalning ikkinchi bosqichidagi tuproq ishlarining 99 foizi yakunlanganini maʼlum qildi. Shu bilan birga, oqimni tartibga solish uchun 47 ta koʻprik va inshoot qurilmoqda.
Korporatsiya vakili Nabiulloh Argandival bosh suv olish inshooti qurilishi davom etayotganini, shundan soʻng suvni magistral kanalga yoʻnaltirish rejalashtirilayotganini aytdi. Suv berishning aniq muddati, olinadigan suv hajmi va Amudaryoning quyi oqimidagi mamlakatlar bilan kelishuvlar hozircha aniqlashtirilmagan.
Kanalning oʻtkazish quvvati dastlab sekundiga 650 kub metr deb baholanmoqda. Oʻzbekiston suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Hamrayev avval toʻliq koʻlamli suv olish 2030 yilgacha boshlanmasligi, uning hajmlari esa daryoning suv oqimini hisobga olgan holda kelishib olinishi kerakligini aytgandi. Loyiha 500−600 ming gektar yerni sugʻorishga moʻljallangan, biroq yerlarning bir qismi uchun nasos stansiyalari va elektr energiyasiga katta xarajatlar talab etiladi.
Xorijiy tadqiqotlarda suv tanqisligi kuchayishi mumkinligi va Markaziy Osiyo qishloq xoʻjaligi uchun xavflar haqida ogohlantirilmoqda. Oulu universiteti hisob-kitoblariga koʻra, suv oqimining 20 foizi boshqa tomonga burilsa, Qashqadaryo viloyatidagi mavjud suv resurslari 2030 yilga borib 1,2 mlrd kub metrdan koʻproqqa kamayishi mumkin.



