Juma, 27-noyabr 2026-yilHozirKristian Kivu: «Inter» «Shtutgart» ustidan haqli ravishda gʻalaba qozondiLavrov dekabr boshida Dohadagi forumda ishtirok etadiNetanyahu ustidan korrupsiya ishi: hammasi rostdan ham tugadimi?
Jamiyat

Oʻzbekistonda elektron yoʻllanma tizimi ishga tushirildi

Oʻzbekistonda 2026-yil 14-noyabrdan reabilitatsiya va protezlash markazlariga yoʻllanmalar bepul xizmatlar uchun elektron va navbat asosida rasmiylashtiriladi.

16-noyabr, 16:55По-русски

Read in English

pexels

Oʻzbekistonda 2026-yil 14-noyabrda Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Sogʻliqni saqlash vazirligining nogironligi boʻlgan shaxslarni Milliy reabilitatsiya va protezlash markazi hamda uning hududiy boʻlinmalariga yoʻllash tartibi haqidagi nizomi kuchga kirdi. Hujjat 2026-yil 13-noyabrda 3974-raqam bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan.

Yoʻllanmalar «Yagona milliy ijtimoiy himoya» tizimining «Reabilitatsiya moduli» orqali rasmiylashtiriladi. Tartib markazlar bepul koʻrsatadigan xizmatlarga taalluqli boʻlib, shartnoma asosidagi pullik reabilitatsiyaga tatbiq etilmaydi.

Ambulator davolanish uchun muayyan muddatga belgilangan nogironlikda bir kalendar yilida uchta, muddatsiz nogironlikda esa ikkita yoʻllanma beriladi. Statsionar davolanish uchun birinchi holatda har olti oyda bir marta, ikkinchi holatda esa bir kalendar yilida bir marta yoʻllanma olish mumkin.

Arizani nogironligi boʻlgan shaxsning oʻzi yoki uning qonuniy vakili topshiradi. Buning uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, «Inson» ijtimoiy xizmat markazlari, ijtimoiy xodimlar yoki oilaviy shifokorga murojaat qilish mumkin. Anketa toʻldirilgach, shaxs biometrik barmoq izi, elektron raqamli imzo, mobil identifikatsiya yoki Face ID orqali tasdiqlanadi.

Anketani tekshirish va yoʻllanmani rasmiylashtirish bepul. Roʻyxatdan oʻtkazilgach, anketa koʻpi bilan bir ish kuni ichida oilaviy shifokorning shaxsiy kabinetiga yuboriladi. Shifokor keyingi ish kuni davomida koʻrik sanasi, vaqti va joyini belgilaydi, koʻrik esa arizachi xabardor qilinganidan keyin besh ish kuni ichida oʻtkaziladi.

Shundan soʻng axborot tizimi elektron navbatni shakllantiradi. Uning holatini real vaqt rejimida «Inson» markazlari xodimlari, ijtimoiy xodimlar, oilaviy shifokor yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali tekshirish mumkin.