«ITTF Warsaw 2026»da yevropalik sayyohlarga Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyati taqdim etildi
Varshavadagi koʻrgazmada Oʻzbekiston xorijiy ishtirokchilarga mamlakatning sayyohlik imkoniyatlarini taqdim etdi va Toshkent—Varshava—Toshkent reyslari 2027 yil aprelidan yoʻlga qoʻyilishini maʼlum qildi.

Varshavada oʻtkazilgan «ITTF Warsaw 2026» koʻrgazmasida 30 dan ortiq mamlakatdan 250 dan ziyod sayyohlik kompaniyasi, aviakompaniya, mehmonxonalar tarmogʻi va milliy turizm tashkiloti qatnashdi. Tadbirga soha mutaxassislari, turoperatorlar va jurnalistlarni ham qoʻshib hisoblaganda, qariyb 10 ming kishi tashrif buyurdi.
Oʻzbekiston nomidan Uzbekistan Airways hamda yetakchi mahalliy turoperatorlar qatnashdi. Stend ishtirokchilari mamlakatdagi sayyohlik yoʻnalishlari, kelgusidagi Toshkent—Varshava—Toshkent reyslari va tranzit safarlar uchun boshqa imkoniyatlar haqida maʼlumot berdi. Milliy aviakompaniya ushbu yoʻnalishdagi parvozlarni 2027 yil aprelidan boshlashni rejalashtirmoqda.
Polsha va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari kompaniyalari bilan oʻtkazilgan biznes uchrashuvlarda qoʻshma turpaketlar yaratish masalasi muhokama qilindi. Tomonlar Samarqand, Buxoro va Xivaga safarlarni, shuningdek, gastronomik, etno-, ekologik va togʻ turizmi dasturlarini ishlab chiqishni dastlabki tarzda kelishib oldi.



