COP31da texnologiya kompaniyalari maʼlumot markazlari suv va elektr energiyasini qancha sarflashini oshkor qilishga chaqirildi
BMT Iqlim kotibiyati rahbari Saymon Still texnologiya kompaniyalarini oʻz maʼlumot markazlari qancha suv va elektr energiyasi isteʼmol qilishini oshkor qilishga hamda ularni qayta tiklanadigan energiya manbalariga oʻtkazishga chaqirdi.

Still 16 noyabr kuni Antaliyada COP31 doirasida oʻtkazilgan raqamli texnologiyalar va iqlim masalalariga bagʻishlangan davra suhbatida soʻzga chiqdi. Uning taʼkidlashicha, hisoblash quvvatlariga talabning ortishi elektr tarmoqlariga tushadigan yuklamani koʻpaytirmoqda. Agar qoʻshimcha elektr energiyasi qazib olinadigan yoqilgʻidan ishlab chiqarilsa, issiqxona gazlari chiqindilari ham oshadi. Stillning soʻzlariga koʻra, ayrim operatorlar tarmoqlardagi cheklovlarni chetlab oʻtish uchun allaqachon oʻz gaz elektr stansiyalarini qurmoqda.
Still energetika infratuzilmasini kengaytirish xarajatlariga ham alohida eʼtibor qaratdi. Uning aytishicha, bu xarajatlarni elektr energiyasi tariflarini oshirish orqali aholi va korxonalar zimmasiga yuklamaslik kerak. Bir qator mamlakatlarda mahalliy aholi suv taʼminoti, elektr energiyasi narxi va atrof-muhit holatidan xavotir bildirgani sababli maʼlumot markazlari qurilishiga qarshi chiqmoqda.
Shu bilan birga, sunʼiy intellekt suv toshqinlari haqida oldindan ogohlantirishga, qishloq xoʻjaligini qurgʻoqchilikka tayyorlashga hamda quyosh va shamol elektr stansiyalarini elektr tarmoqlariga ulashni yengillashtirishga yordam berishi mumkin. Rivojlanayotgan mamlakatlar bu imkoniyatlardan foydalana olishi uchun ularga moliyalashtirish, hisoblash quvvatlari va ishonchli maʼlumotlardan foydalanish imkoniyati kerak, deya taʼkidladi Still.
COP31da sunʼiy intellekt boʻyicha Antaliya majburiyati ham taqdim etildi. Unda sunʼiy intellektning atrof-muhitga taʼsirini kamaytirish va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish uchun raqamli yechimlarni rivojlantirish boʻyicha ixtiyoriy choralar nazarda tutilgan. Raqamli infratuzilmasi rivojlanayotgan Oʻzbekiston uchun bu masalalar elektr energiyasidan foydalanish imkoniyati, tarmoqlarning barqarorligi va suv sarfi bilan bogʻliq.
Yana oʻqing

Xpeng 1–2 yil ichida uylarda gumanoid robotlardan foydalanishni boshlashi mumkin
Texnologiyalar10:52
NASA XKSga saraton, mushak atrofiyasi va oʻsimlik yetishtirish boʻyicha tadqiqotlar uchun uskunalar yuboradi
Texnologiyalar10:19
