Juma, 27-noyabr 2026-yilHozirKristian Kivu: «Inter» «Shtutgart» ustidan haqli ravishda gʻalaba qozondiLavrov dekabr boshida Dohadagi forumda ishtirok etadiNetanyahu ustidan korrupsiya ishi: hammasi rostdan ham tugadimi?
Jamiyat

Soʻrovda qatnashgan bolalarning 13 foizi internetdagi tazyiq haqida soʻzladi — ota-onalar bundan ancha kam xabardor

«Kasperskiy laboratoriyasi» tadqiqoti bolalarning tajribasi bilan kattalarning xabardorligi oʻrtasidagi tafovutni koʻrsatdi: voyaga yetmagan ishtirokchilarning 13 foizi kiberbullingga duch kelganini bildirgan, oʻz farzandi internetdagi tazyiqqa uchraganidan xabardor boʻlgan ota-onalar esa atigi 3 foizni tashkil etgan.

19-noyabr, 11:54По-русски

Read in English

«Kattalar va bolalar internetda» hisoboti natijalari bilan Toshkentda oʻtkazilgan Kaspersky CyberSecurity Weekend 2026 konferensiyasida tanishildi. Kompaniya izohiga koʻra, tadqiqot 2025 yil noyabrida Rossiyada 6 yoshdan 17 yoshgacha boʻlgan bolalar va ularning ota-onalari ishtirokida oʻtkazilgan. Hisobotdagi koʻrsatkichlar aynan shu soʻrov ishtirokchilariga taalluqli.

Kattalar farzandlari duch kelgan tazyiq holatlari orasida eng koʻp haqoratli xabarlar va ijtimoiy tarmoqlardagi izohlardan xabar topgan. Bunday holatlardan xabardor ota-onalarning 69 foizi aynan shu koʻrinishni qayd etgan.

Ota-onalarning ushbu guruhidan 28 foizi bolani ataylab eʼtiborsiz qoldirish haqida maʼlum qilgan. Yana 22 foizdan ota-ona bolaning qadr-qimmatini kamsituvchi tasvirlar va roziligisiz shaxsiy maʼlumotlarni tarqatishga ishora qilgan. Javoblarning 14 foizida sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan soxta fotosuratlar yoki videolardan, yaʼni dipfeyklardan foydalanilgan tazyiq tilga olingan.

Shu bilan birga, kiberbullingga duch kelgan bolalarning uchdan koʻprogʻi — 36 foizi — umuman yordam soʻramagan. Muammo haqida ota-onasi yoki boshqa qarindoshlariga 45 foizi, doʻstlariga 20 foizi, oʻqituvchilariga 10 foizi aytgan. Yana 6 foizdan bola mutaxassislarga murojaat qilgan yoki yordam olish uchun sunʼiy intellektdan foydalangan.

2024 yil maʼlumotlari bilan taqqoslash turli yoʻnalishdagi oʻzgarishlarni koʻrsatdi. Internetdagi tazyiqqa duch kelmaganini bildirgan bolalar ulushi 72 foizdan 84 foizgacha oshgan. Shu bilan birga, boshqa foydalanuvchilarni oʻzi ranjitganini tan olganlar ulushi 1 foizdan 3 foizgacha koʻpaygan.

«Kasperskiy laboratoriyasi»ning bolalar onlayn xavfsizligi yoʻnalishi rahbari Andrey Sidenko tazyiqqa duch kelmagan bolalar sonining koʻpayishi profilaktika hamda ota-onalar va pedagoglarning eʼtibori foyda berayotganidan darak berishi mumkin, deb hisoblaydi. Shu bilan birga, u bolalarni nafaqat tajovuzdan himoyalanishga, balki internetda boshqalar bilan hurmat bilan muloqot qilishga ham oʻrgatish zarurligini taʼkidladi.

Oʻzbekistonda voyaga yetmaganlarni himoya qilish masalalari parlament kun tartibidan ham oʻrin olgan. Qonunchilik palatasi Milliy ijtimoiy himoya agentligiga 2026–2030 yillarga moʻljallangan Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini amalga oshirish, jumladan, jabrlangan bolalarga psixologik yordamni rivojlantirish boʻyicha soʻrov yubordi.