Neuralink BJSdan ALS bilan ogʻrigan bemorlarda neyroimplantni sinash boʻyicha muhim tadqiqotga ruxsat oldi
Neuralink kompaniyasi LINK nomli muhim klinik tadqiqotni oʻtkazish uchun AQSh Oziq-ovqat va dori-darmonlar boshqarmasi (FDA) ruxsatini oldi. Unda neyroimplantning xavfsizligi hamda uning yon amiotrofik skleroz (ALS) sabab yuzaga kelgan ogʻir falajlikka ega odamlarga miya signallari yordamida raqamli qurilmalarni boshqarishda koʻmaklashish qobiliyati tekshiriladi.

Ilon Mask kompaniyasi AQSh Oziq-ovqat va dori-darmonlar boshqarmasi (FDA) ruxsat berganini 25 noyabr kuni maʼlum qildi. Neuralink LINKni AQShda implantatsiya qilinadigan «miya — kompyuter» interfeysi boʻyicha oʻtkazilayotgan bunday turdagi ilk tadqiqot deb atamoqda. Pivotal maqomiga ega tadqiqot texnologiyani keyinchalik tartibga solish nuqtayi nazaridan baholash uchun muhim maʼlumotlar taqdim etishi kerak. Olingan ruxsat tadqiqotni oʻtkazishga imkon beradi, biroq qurilmani tijoriy sotishga hali ruxsat berilganini anglatmaydi.
Tadqiqot ishtirokchilari yon amiotrofik skleroz, yaʼni ALS bilan ogʻrigan bemorlar boʻladi. Bu rivojlanib boradigan neyrodegenerativ kasallik ixtiyoriy harakatlar uchun javob beradigan nerv hujayralarini zararlaydi. Kasallik kuchaygani sari odam harakatlanish va gapirish qobiliyatidan mahrum boʻlishi mumkin. Neyrointerfeys kasallikning oʻzini davolashga emas, balki muloqot qilish va qurilmalarni boshqarish imkoniyatini tiklashga moʻljallangan.
Neuralink tizimida bosh suyagiga jarrohlik yoʻli bilan oʻrnatiladigan N1 implanti qoʻllanadi. R1 roboti miyaga harakat qilish niyati bilan bogʻliq neyron faolligini qayd etuvchi ingichka va egiluvchan elektrodlarni kiritadi. Dasturiy taʼminot bu signallarni kompyuter yoki boshqa raqamli qurilma uchun buyruqlarga aylantiradi. Bunday yondashuv klaviatura, sichqoncha va boshqa jismoniy boshqaruv vositalarisiz ishlash imkonini beradi.
Tadqiqotchilar texnologiya ishtirokchilarga kundalik vazifalarni bajarish va yanada mustaqil boʻlishda qanchalik yordam berishini baholaydilar. Tizimning uzoq muddatli xavfsizligi va ishonchliligiga alohida eʼtibor qaratiladi. Tadqiqotni bir nechta klinik markazda oʻtkazish rejalashtirilgan.
Yangi ish Neuralinkning dastlabki tadqiqotlarini davom ettiradi. Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, AQSh, Kanada va Buyuk Britaniyada 30 nafardan ortiq ishtirokchiga implant oʻrnatilgan. Ular real sharoitlarda neyrointerfeysdan minglab soat foydalangan.
ALS bilan ogʻrigan, avval taqdim etilgan ishtirokchilardan biri Bredford Smit boʻlgan. Oʻtgan yili Neuralink uning muloqot qilish uchun miya signallaridan qanday foydalanayotganini namoyish etgan. Bunday alohida natijalar tizim imkoniyatlarini koʻrsatadi, biroq koʻlami kattaroq tadqiqot taʼsirning barqarorligini va implantatsiya bilan bogʻliq xatarlarni baholashga yordam berishi kerak.
Yana oʻqing

Xpeng 1–2 yil ichida uylarda gumanoid robotlardan foydalanishni boshlashi mumkin
Texnologiyalar10:52
NASA XKSga saraton, mushak atrofiyasi va oʻsimlik yetishtirish boʻyicha tadqiqotlar uchun uskunalar yuboradi
Texnologiyalar10:19
