Juma, 27-noyabr 2026-yilHozirKristian Kivu: «Inter» «Shtutgart» ustidan haqli ravishda gʻalaba qozondiLavrov dekabr boshida Dohadagi forumda ishtirok etadiNetanyahu ustidan korrupsiya ishi: hammasi rostdan ham tugadimi?
Siyosat

Mirziyoyevning Ummonga tashrifi oldidan qiymati 5 mlrd dollarlik loyihalar boʻyicha bitimlar paketi tayyorlandi

Oʻzbekiston va Ummon Shavkat Mirziyoyevning 16–17 noyabr kunlari Maskatga davlat tashrifi chogʻida qiymati qariyb 5 mlrd dollar boʻlgan loyihalar va shartnomalar boʻyicha 30 ga yaqin hujjatni imzolashni rejalashtirmoqda.

16-noyabr, 17:09По-русски

Read in English

Paket tayyorlangani haqida Oʻzbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov 15 noyabr kuni hukumatlararo komissiya yigʻilishida maʼlum qildi. Ertasi kuni Mirziyoyev Ummonga joʻnab ketdi. Tashrif dasturidan oliy darajadagi muzokaralar va biznes vakillari bilan uchrashuvlar oʻrin olgan.

Qudratovning maʼlumotlariga koʻra, 2025 yilda oʻzaro savdo hajmi 2,3 mln dollarni tashkil etgan. 2026 yil yanvar–sentabr oylarida tovar ayirboshlash hajmi 3,3 mln dollarga yetgan. Tomonlar yaqin yillarda bu koʻrsatkichni 500 mln dollarga yetkazmoqchi. Muhokama qilinayotgan qadamlardan biri — preferensial savdo toʻgʻrisidagi bitim. Muzokaralarni dekabr oyida boshlash taklif qilindi, dastlabki bosqichda imtiyozlar 200 ta tarif pozitsiyasini qamrab olishi mumkin.

Oʻzbekiston Ummonga oziq-ovqat, meva va sabzavotlar, mis, alyuminiy, toʻqimachilik, elektrotexnika va kimyo mahsulotlari yetkazib berishni koʻpaytirishdan manfaatdor. Ummon tomoni esa shakar, polimerlar, neft mahsulotlari, moylash materiallari va alyuminiydan tayyorlangan buyumlar importini oshirish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda.

Tomonlar 12 ta qoʻshma loyihani yakunlagan, yana 16 ta loyiha ustida ish olib borilmoqda. Yigʻilishda Oʻzbekiston–Ummon investitsiya kompaniyasining ustav kapitalini 500 mln dollargacha oshirish masalasi ham muhokama qilindi. Transport sohasida mamlakatlar logistika markazlarini tashkil etish va Markaziy Osiyodan Ummon portlariga olib boradigan yoʻnalishlarni rivojlantirishni koʻrib chiqmoqda. Oʻzbekistonlik yetkazib beruvchilar ular orqali Fors koʻrfazi va Sharqiy Afrika bozorlariga kirish imkoniyatlarini kengaytirishni kutmoqda.

Yigʻilish yakunida Qudratov va uning ummonlik hamkasbi Anvar bin Hilol al-Jabriy hamkorlik ustuvor yoʻnalishlari hamda kelishilgan tashabbuslar ustida ishlash tartibi belgilangan bayonnomani imzoladi.