AQSh Xitoy, Rossiya va Eronning xorijdagi bulutli infratuzilma orqali AI chiplariga kirishini qatʼiyroq nazorat qiladi
AQSh Savdo vazirligi Xitoy, Rossiya, Eron va cheklovlar ostidagi boshqa yurisdiksiyalardagi kompaniyalarga katta hisoblash quvvatlarini taqdim etadigan maʼlumotlar markazlariga ilgʻor AI chiplarini yetkazib berish ustidan eksport nazoratini kengaytirmoqda.

Yangi talablar AQSh eksport cheklovlari amal qiladigan mamlakatlardagi kompaniyalarning Amerika hisoblash quvvatlaridan foydalanishini qiyinlashtirishi kerak. Gap, jumladan, Nvidia Blackwell chiplaridan va superintellekt tizimlari uchun serverlardan foydalanish haqida bormoqda.
Xorijdagi maʼlumotlar markazlari mijozlarining ishonchliligini tekshirishi shart boʻladi. Bosh qarorgohi Xitoy, Rossiya va Eronda joylashgan kompaniyalarga katta hisoblash quvvatlarini taqdim etadigan platformalar uchun ham cheklovlar joriy qilinadi. AQSh maʼmuriyati bahosiga koʻra, bu Amerika chiplaridan foydalangan holda ilgʻor sunʼiy intellekt modellarini oʻqitishni qiyinlashtirishi kerak.
Indoneziya, Malayziya, Singapur, Tailand yoki Braziliyada bosh qarorgohiga ega kompaniyalar ilgʻor chiplarni faqat eksport litsenziyasi mavjud boʻlgandagina olishi mumkin boʻladi. AQSh rasmiylari bu mamlakatlarda kontrabanda xavfi odatdagidan yuqori, deb hisoblaydi. Bu qoida Xitoy kompaniyalari Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlaridagi maʼlumotlar markazlaridan quvvat ijaraga olgan sxemaga barham berishi kerak.
Reglament amerikalik tergovchilar Singapurning Megaspeed bulutli xizmatlar kompaniyasini tekshirayotgan paytda paydo boʻldi. Ular kompaniya xitoylik mijozlarga eksport nazoratiga tushadigan Nvidia chiplarini olishda yordam bergan-qilmaganini aniqlashga harakat qildi. Megaspeed Xitoyga chip yetkazib bergani haqidagi ayblovlarni rad etdi.
Nvidia kompaniyasining hammuassisi Jensen Huang oʻtgan hafta Elis Huang bilan nikohdan tashqari munosabatini tan olganidan soʻng bosh direktor lavozimini tark etdi. Megaspeed kompaniyasining sobiq rahbari boʻlgan Elis Huang Xitoy foydasiga josuslik qilganlikda gumon qilinmoqda; shu bilan birga, Jensen Huang va Elis Huang qarindosh emas.
AQShning yangi qadami prezident Donald Trampning iqtisodiy sammitda qatnashish uchun Xitoyga safari arafasida, undan bir necha kun oldin amalga oshirildi. U yerda Tramp XXR raisi Si Szinpin bilan uchrashishi kerak.
Yana oʻqing

Xpeng 1–2 yil ichida uylarda gumanoid robotlardan foydalanishni boshlashi mumkin
Texnologiyalar10:52
NASA XKSga saraton, mushak atrofiyasi va oʻsimlik yetishtirish boʻyicha tadqiqotlar uchun uskunalar yuboradi
Texnologiyalar10:19
