Intel 18A-P texnologik jarayoni asosida chiplar ishlab chiqarish boʻyicha birinchi tashqi buyurtmachisi bilan kelishuv tuzdi
Intel 18A texnologiyasi asosida chiplar ishlab chiqarish boʻyicha birinchi uchinchi tomon mijozi bilan kelishuv tuzdi, biroq uning nomini oshkor qilmadi. Buyurtmachi takomillashtirilgan 18A-P versiyasini tanladi.

Kelishuv haqida Intel bosh direktori Lip-Bu Tan maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, 18A texnologiyasi asosida ishlab chiqarish allaqachon yoʻlga qoʻyilgan, biroq u mijoz nomini aytmadi. Intel kompaniyasining texnik rahbari Pushkar Ranade buyurtmachi takomillashtirilgan 18A-P versiyasini tanlaganini, ushbu versiya boʻyicha pilot ishlab chiqarish iyun oyida boshlanganini aniqlashtirdi.
Avvalroq Intel kompaniyasining Apple bilan ehtimoliy kelishuvi haqida xabarlar paydo boʻlgan edi. Shuningdek, buyurtmachi Nvidia yoki yirik bulutli xizmat provayderlaridan biri boʻlishi mumkinligi haqida taxminlar bildirilgan. Amazon, Microsoft va Google sunʼiy intellekt tezlatkichlarini TSMC ishlab chiqarish quvvatlarida chiqaradi. U yerda buyurtmalar koʻpligi sababli ishlab chiqarish resurslari taqchilligi kuzatilmoqda.
Intel muvaffaqiyatsizliklar va yaroqli kristallar chiqimi bilan bogʻliq muammolardan soʻng shartnoma asosidagi ishlab chiqarishni rivojlantirishga besh yildan beri urinmoqda. Hozirgacha boʻlinma asosan kompaniyaning oʻzi uchun chiplar ishlab chiqargan. Tanning prognoziga koʻra, server protsessorlarining jahon bozori yaqin besh yil ichida besh baravar oʻsib, 200 mlrd dollarga yetadi, biroq Intel hozircha mijozlar talabini qondira olmayapti. Chiplarni ilgʻor qadoqlash sohasida esa kompaniyaning birinchi buyurtmachisi Microsoft boʻlgan.
Yana oʻqing

Xpeng 1–2 yil ichida uylarda gumanoid robotlardan foydalanishni boshlashi mumkin
Texnologiyalar10:52
NASA XKSga saraton, mushak atrofiyasi va oʻsimlik yetishtirish boʻyicha tadqiqotlar uchun uskunalar yuboradi
Texnologiyalar10:19
