Kutilganidan yuqori AQSh inflyatsiyasi dekabrda stavka oshirilishi kutilmalarini kuchaytirdi
AQShda oktabr inflyatsiyasi 0,4% oshib, 0,3%lik prognozdan yuqori chiqdi. Obligatsiyalar daromadliligi oshdi, aksiyalar esa dekabrda stavka koʻtarilishi kutilmalari fonida arzonlashdi.

Seshanba kuni AQShda isteʼmol narxlari boʻyicha eʼlon qilingan maʼlumotlar moliya bozorlariga bosimni kuchaytirdi. Oktabr koʻrsatkichi sentyabrdagidan past boʻldi, biroq tahlilchilar kutganidan yuqori chiqdi.
Hisobot eʼlon qilinishidan oldin AQSh Federal zaxira tizimi Boshqaruv kengashi aʼzosi Kristofer Uoller inflyatsiya shu tarzda davom etsa, dekabrdagi yigʻilishda stavkani 50 bazaviy punktga oshirish masalasini koʻrib chiqish kerakligini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, bundan kichikroq qadam regulyator siyosatiga boʻlgan ishonchni xavf ostiga qoʻyishi mumkin.
CME FedWatch Tool maʼlumotlariga koʻra, treyderlar dekabrda stavkaning 25 bazaviy punktga oshirilishi ehtimolini qariyb 90%, 50 bazaviy punktga oshirilishi ehtimolini esa 10% deb baholamoqda. Uollerning izohlari va maʼlumotlar eʼlon qilinganidan soʻng AQShning 10 yillik davlat obligatsiyalari daromadliligi 13 bazaviy punktga, ikki yillik obligatsiyalarniki esa 19 bazaviy punktga oshdi.
Kotirovkalar pasayishi AQShning asosiy indekslariga ham taʼsir qildi. Sharqiy vaqt bilan soat 10:45 ga kelib, S&P 500 0,7%, Dow Jones 0,6%, Nasdaq 100 esa 0,74% pasaydi.
Janus Henderson portfel menejeri Deniel Siluk inflyatsiya soʻnggi uch oyda noqulay yoʻnalishda harakat qilayotganini aytdi. Franklin Templeton Institute strategisti Jeff Shulze esa Uollerning izohlari bozorning dekabrda stavka oshirilishiga boʻlgan ishonchini kuchaytirgani va riskli aktivlarga bosim qilishi mumkinligini taʼkidladi.



