Tailand 2027-yil yozida turistlar uchun yigʻim joriy qilishi mumkin
Tailand hukumati samolyotda keladigan xorijiy turistlardan har bir kishi uchun 450 bat — qariyb $13 — undirishni taklif qilmoqda. Agar hukumat loyihani maʼqullasa, yigʻimni undirish 2027-yil iyun yoki iyul oyida boshlanishi mumkin.

Tailandda Milliy turizm siyosati qoʻmitasi yigʻim loyihasini 12-noyabr kuni yakuniy koʻrib chiqishi kerak. Turizm va sport vazirligi hujjatni kelasi hafta Vazirlar Mahkamasiga kiritishni rejalashtirmoqda, biroq qoidalar hali ishlab chiqilmoqda.
Hukumat hozircha istisnolar roʻyxati, toʻlov usuli hamda zarur texnologiya va infratuzilmaning tayyorligini muhokama qilmoqda. Vazirlar Mahkamasi maʼqullagach va qoidalar Royal Gazetteʼda eʼlon qilingach, qonunda 180 kunlik oʻtish davri belgilangan. Shu sababli yigʻim undirilishi boshlanadigan aniq sana hozircha belgilanmagan.
Tailand Turizm va sport vazirligining doimiy kotibi Natthriya Thawiwong yigʻimni aviachiptalar narxiga qoʻshish eng oddiy variant sifatida koʻrilayotganini maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, aviatsiya sohasi vakillari, jumladan Airports of Thailand bilan oʻtkazilgan muhokamalar bir necha yillik tadqiqotlardan soʻng tizim tayyor ekanini koʻrsatgan.
Hozirgi loyiha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnomaga ega boʻlgan xorijliklarni, diplomatik va xizmat pasportlari egalarini, chegara oʻtkazish hujjatlari egalarini, tranzit yoʻlovchilarni, ekipaj aʼzolarini hamda ikki yoshdan kichik bolalarni toʻlovdan ozod qiladi. Vazirlik istisnolarning yakuniy roʻyxati hali tasdiqlanmaganini taʼkidlamoqda.
Tushumlarning bir qismini Tailandda kasal boʻlib qoladigan yoki jarohat oladigan xorijiy turistlarni sugʻurtalashga yoʻnaltirish rejalashtirilmoqda. Toʻlanmagan shifoxona hisoblari sababli bu reja Sogʻliqni saqlash vazirligi va turizm assotsiatsiyalari oʻrtasida kelishmovchiliklarga sabab boʻlgan.



