YI neft tashuvchilar va Rossiya neftini xaridorlariga qarshi sanksiyalarni kengaytirdi
Yevropa Ittifoqi 16 noyabr kuni Rossiya nefti va neft mahsulotlarini tashish, sotish hamda sugʻurtalash bilan bogʻliq deb hisoblangan kompaniyalar va shaxslarni sanksiyalar roʻyxatiga kiritdi.

Roʻyxatning dengiz tashuvlariga oid qismidan Lynx Ship Management, Serpentine Marine, Stalwart Shipmanagement, Grace Shipmanagement va Greenlight Shipmanagement joy oldi. YI qator kompaniyalarga nisbatan Rossiya xomashyosini tashishda ishtirok etgani va regulyator xavfli deb hisoblaydigan amaliyotlardan foydalanganini koʻrsatdi. Jumladan, YI Kengashi North Fleet Rossiya neftini, shu jumladan tankerlar oʻrtasida qayta yuklash orqali tashiydigan kemalarga egalik qilishi va ularni boshqarishini bildirdi.
Neft treyderlari orasida BAAda roʻyxatdan oʻtgan Amur Investments, Barrelion Trading, Imperium Trading, Linglong Trading Group va Trade X Middle East, shuningdek Gonkong kompaniyasi Guron Trading ham cheklovlarga uchradi. Sanksiyalar roʻyxatiga Rossiyaning Balans Strakhovanie kompaniyasi ham kiritildi. YI asoslariga koʻra, u Rossiya neftini tashigan Garuda tankerini sugʻurtalagan.
Cheklovlar Igor Konfino, Daniil Mosin va Sergey Gribga ham taalluqli boʻldi. YI Kengashi maʼlumotlariga koʻra, Konfino va Mosin Rossiya nefti va neft mahsulotlarini tashiydigan bir nechta kemalarga egalik qiluvchi White Agate Marine, Serpentine Marine va Citrine Marine kompaniyalarini boshqaradi. Hujjatda qayd etilishicha, Grib neft treyderi Omega Energy va kemalar operatori Legacy Marine kompaniyalariga egalik qiladi.
Neftga oid sanksiyalar YI Kengashining kengroq qarorining bir qismiga aylandi. Umuman, 16 noyabr kuni roʻyxatga 12 kishi va 101 ta tashkilot, jumladan bank, moliya va energetika sektori vakillari qoʻshildi.



