Duayt Xovard Stefan Karri bilan oʻynamaganidan afsusda: «Nimani oʻylagan ekanman?»
NBAning sobiq markaziy oʻyinchisi Duayt Xovard 2011 yilda Karrini «Orlando»ga olib keladigan almashinuvni toʻxtatgani va 2013 yilda «Golden Steyt»ni tanlamaganidan afsusda ekanini aytdi.

2011 yilda «Orlando» Karrini almashuv orqali qoʻlga kiritmoqchi boʻlgan, biroq Xovard bunga qarshi chiqqan. Uning aytishicha, oʻsha paytda u pleymeykerda kelajakdagi buyuk snayperni koʻrmagan va Monta Ellis bilan oʻynashni afzal bilgan.
2012 yilda Xovard «Orlando»dan «Leykers»ga oʻtdi, 2013 yil yozida esa erkin agent sifatida «Golden Steyt»ga qoʻshilishi mumkin boʻlsa-da, «Xyuston»ni tanladi. Keyinchalik Karri toʻrt karra NBA chempioniga va liga tarixidagi eng yaxshi snayperga aylandi.
Xovard, shuningdek, uning Karri va Kley Tompson bilan uchligi, ayniqsa pick-and-rollda, juda kuchli boʻlishi mumkinligini taʼkidladi.



