Saudiya Arabistonida neft qazib olish oktabrda 26 foizga oshdi
Saudiya Arabistoni oktabrda neft qazib olishni sutkasiga 10,563 mln barrelgacha oshirgani haqida OPECga maʼlum qildi — bu kartel kvotasidan biroz yuqori.

Ar-Riyod OPECga oktabr oyida neft qazib olish sutkasiga 10,563 mln barrelga yetganini maʼlum qildi. Bu sentabrdagi 8,372 mln barrel koʻrsatkichidan 26 foiz koʻp va qazib olish fevraldan beri qayd etilgan eng yuqori darajadir. Oʻshanda Eron bilan urush Yaqin Sharqdagi neft yetkazib berishlarni izdan chiqargan edi.
Saudiya Arabistonining rasmiy maʼlumotlariga koʻra, zaxiralar ayirilgach, bozorga chiqarilgan neft hajmi sutkasiga 9,203 mln barrelni tashkil qilgan. Oktabrda konlardan qazib olingan neftning qolgan qismi saqlash omborlariga yoʻnaltirilgan. Saudi Aramco neftni Fors koʻrfazidagi terminallar hamda Sharq–Gʻarb neft quvuri orqali Qizil dengizdagi Yanbugacha eksport qilgan.
Dushanba kuni mazkur neft quvurida hujumdan soʻng kichik yongʻin boshlandi. Saudiya Arabistoni Energetika vazirligi maʼlumotiga koʻra, favqulodda xizmatlar obyekt faoliyatida uzilishlarga yoʻl qoʻymay, yongʻinni oʻchirdi.
OPECning oylik hisobotiga koʻra, OPEC+ mamlakatlarining jami neft qazib olishi oktabrda sutkasiga 2,04 mln barrelga oshib, 41,23 mln barrelga yetgan. Eron sutkasiga qariyb 1,91 mln barrel neft qazib olgan — bu 40 yil ichidagi eng past koʻrsatkich. OPECdagi manba pasayishni AQShning dengiz blokadasi Eron eksportini toʻxtatgani bilan izohladi.
Iroq OPEC+ kvotasi 4,431 mln barrel boʻlgan bir paytda sutkasiga 5 mln barreldan ortiq neft qazib olayotganini bildirdi. Keyinroq mamlakat Neft vazirligi bu darajaga sodiqligini tasdiqladi, biroq oktabrdagi koʻrsatkichni oshkor qilmadi. OPEC+ 29 noyabrda boʻlib oʻtadigan yigʻilish oldidan ishtirokchilarining maksimal quvvatlarini qayta koʻrib chiqmoqda; yigʻilishda 2027 yil uchun qazib olish maqsadlari belgilanadi. Iroq oʻzining bazaviy darajasini sutkasiga qariyb 6 mln barrel quvvatdan kelib chiqib hisoblashni talab qilmoqda.



