Oʻzbekistonda yuk vagonlari importiga QQSni bekor qilish rejalashtirilmoqda
Oʻzbekistonda yuk vagonlari importi QQSdan ozod qilinadi, temir yoʻllaridan foydalanish toʻlovi esa koʻpi bilan 20 foizga kamaytiriladi. Yangi tariflar 2027 yildan boshlab bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 noyabr kuni transport va logistika sohasidagi investorlar hamda tadbirkorlar bilan uchrashuvda xususiy biznesni temir yoʻl orqali yuk tashishga jalb etish boʻyicha choralarni eʼlon qildi.
Hukumat bahosiga koʻra, talab oshayotgani sababli yuk vagonlari parkini har yili 5 000–6 000 donaga koʻpaytirish zarur. Vagonlar importida QQSni bekor qilishdan tashqari, tadbirkorlarga temir yoʻllaridan foydalanish uchun 20 foizgacha chegirma beriladi. Xalqaro yuk tashishda foydalaniladigan mahalliy vagonlar uchun QQSning nol stavkasi joriy etiladi.
Jahon banki bilan hamkorlikda temir yoʻl sohasi uchun yangi tarif siyosati ishlab chiqildi. Uni bosqichma-bosqich joriy etishni 2027 yildan boshlash topshirildi. Kelasi yildan boshlab har bir yoʻnalish boʻyicha temir yoʻl infratuzilmasi, lokomotiv va vagondan foydalanish toʻlovlari alohida koʻrsatilishi kerak.
Soliq imtiyozlarining amal qilish muddatlari, chegirmalar shartlari va yangi tarif siyosatining parametrlari hozircha aniqlashtirilmagan. Vagonlar parkini kengaytirish, jumladan, Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temir yoʻli ishga tushirilganidan keyin tashuvlar koʻpayishi kutilayotgani bilan bogʻlanmoqda: ushbu yoʻnalishdagi yuk hajmi yiliga 10 baravarga, 15–16 mln tonnagacha oshishi mumkin.
Yana oʻqing

Lotin Amerikasi resurslari sunʼiy intellekt rivojini qoʻllab-quvvatlashi mumkin, infratuzilma ortda
Iqtisodiyot13:11
Kredit reyting agentligi Nvidia reytingi pasayishi mumkinligidan ogohlantirdi
Iqtisodiyot10:55
