Germaniya avtobanlari pulli boʻlishi mumkin
Germaniyada qariyb 100 yildan beri bepul boʻlib kelgan avtobanlarda yengil avtomobillar uchun bosib oʻtilgan har bir kilometrga haq joriy etish masalasi muhokama qilinmoqda. Germaniya Federal transport vazirligi islohot tayyorlamayotganini bildirdi.

Muhokamalarga turtki sifatida avtobanlar tarmogʻini saqlash uchun mablagʻ yetishmayotgani koʻrsatilmoqda. Ekspertlarning fikricha, amaldagi moliyalashtirish tizimi Autobahn GmbH kompaniyasiga infratuzilmani zarur darajada taʼminlash imkonini bermayapti.
Germaniya Federal transport vazirligi uchun tayyorlangan hisobotda eng samarali model sifatida yuk transporti yigʻimidan tushadigan daromadlarga yengil avtomobillar uchun alohida toʻlovni qoʻshish taklif qilingan. Yigʻim xorijda roʻyxatdan oʻtgan avtomobillardan ham undirilishi kutilmoqda, biroq tariflar miqdori hozircha belgilanmagan. Bunday tizim kompaniyaning budjet mablagʻlariga qaramligini kamaytirib, unga qarzlarini 2056 yilgacha xizmat koʻrsatish imkonini berishi mumkin.
Rasmiy ravishda Germaniya Federal transport vazirligi islohot tayyorlamayotganini maʼlum qilmoqda: bu masala koalitsion kelishuvda koʻzda tutilmagan. Shu bilan birga, ayrim siyosatchilar muhokamani boshlashga chaqirib, moliyaviy muammolar 2030-yillarning boshidayoq yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Toʻlov joriy etilishi sud nizolariga olib kelishi mumkin. 2019 yilda qabul qilingan shunga oʻxshash tizimni Yevropa Ittifoqi sudi kamsituvchi deb topib, bekor qilgan. Shundan soʻng davlat 243 mln yevro kompensatsiya toʻlagan. Bugungi kunda uzunligi qariyb 13 ming km boʻlgan avtobanlar tarmogʻi Germaniyaning muhim ramzi boʻlib qolmoqda.



