Juma, 27-noyabr 2026-yilHozirBornmut Yevrokuboklarda dastlabki besh oʻyinda gʻalaba qozongan uchinchi jamoa boʻldi«Manchester City»da boʻlinish alomatlari: ayrim futbolchilar ketishni oʻylamoqdaMotoGPning sakkiz karra chempioni Mark Markes faoliyatini yakunlashini maʼlum qildi
Siyosat

Janubiy Koreya Oliy sudi Yun Sok Yolni yolgʻon koʻrsatma berish ishi boʻyicha uzil-kesil oqladi

Janubiy Koreya Oliy sudi Yun Sok Yolning yolgʻon koʻrsatma berish ishi boʻyicha oqlov hukmini oʻz kuchida qoldirdi. Bu sobiq prezidentning ozod etilganini anglatmaydi: u boshqa ishlar boʻyicha hanuz qamoqda qolmoqda.

27-noyabr, 18:01По-русски

Read in English

koreatimes.co.kr

Janubiy Koreyada Oliy sud prokuraturaning shikoyatini rad etib, Yun Sok Yol ishi boʻyicha quyi instansiyalar qarorlarini tasdiqladi. Sobiq prezident 2025-yil noyabrida sobiq bosh vazir Han Dok Su ustidan boʻlib oʻtgan sud jarayonida yolgʻon koʻrsatma berishda ayblangan.

Yun 2024-yil 3-dekabrda harbiy holat joriy etilishidan oldin hukumatning toʻlaqonli majlisini oʻtkazmoqchi boʻlganini aytgan. Uning soʻzlariga koʻra, bu qaror bosh vazirning tegishli taklifidan oldinroq qabul qilingan. Prokuratura koʻrsatmalarni yolgʻon deb hisoblagan, biroq sudlar ayblov hukmini chiqarish uchun yetarli dalillar topmagan.

Bu ish boʻyicha oqlov sobiq prezidentning ahvolini oʻzgartirmaydi. Joriy yil fevralida u isyon uyushtirgani uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan; hozir bu ishni apellyatsiya instansiyasi koʻrib chiqmoqda. Avvalroq prokuratura unga nisbatan oʻlim jazosini soʻragan edi.

Bundan tashqari, aprel oyida sud uning hibsga olinishiga toʻsqinlik qilgani haqidagi ish boʻyicha jazoni besh yildan yetti yilgacha oshirdi. Iyul oyida Oliy sud bu jazoni uzil-kesil tasdiqladi. Oʻsha oyda Yun saylovoldi kampaniyasi vaqtida ijtimoiy soʻrovlar natijalarini noqonuniy ravishda olgani uchun ikki yilga hukm qilindi. Himoya tomoni bu hukm ustidan shikoyat qilmoqchi.