Markaziy Osiyo va Yevropa Berlinda hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini muhokama qildi
ISMI direktori Eldor Aripov 2026-yil 25–26-noyabr kunlari Berlinda ishtirok etib, Markaziy Osiyoning Yevropa mamlakatlari bilan muloqotini rivojlantirishga doir yondashuvlarni taqdim etdi.

Berlin konferensiyasida Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerikaning 20 dan ortiq mamlakatidan davlat organlari, parlamentlar, diplomatik, ishbilarmonlik va ilmiy doiralar vakillari qatnashdi. Forum beqarorlik sharoitida Yevropaning strategik avtonomiyasiga bagʻishlandi.
Aripov Yevropaning yangi strategik hamkorlari haqidagi sessiyada soʻzga chiqdi. U Markaziy Osiyoda ishonch va yaxshi qoʻshnichilikning mustahkamlanishi, mintaqaviy aloqalar hamda savdo-iqtisodiy munosabatlarning kengayishi, shuningdek, qoʻshma infratuzilma loyihalarining amalga oshirilayotganini taʼkidladi.
2025-yil aprel oyida Samarqandda boʻlib oʻtgan «Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi» birinchi sammitining natijalari ham alohida muhokama qilindi. Munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqish, ishtirokchilar bahosiga koʻra, uzoq muddatli hamkorlik uchun asos yaratdi.
Istiqbolli yoʻnalishlar qatorida sanoat kooperatsiyasi, qoʻshilgan qiymat yaratish boʻyicha qoʻshma zanjirlar, jumladan, strategik ahamiyatga ega mineral resurslar sohasi, shuningdek, transport aloqalarini rivojlantirish qayd etildi. Yevropa investitsiyalari va texnologiyalari mintaqa iqtisodiyotlarini modernizatsiya qilishga hamda uning mahsulotlarining Yevropa bozorlariga chiqishini kengaytirishga yordam berishi mumkin.
Aripov, shuningdek, sheriklikni mustahkamlash boʻyicha amaliy takliflar tayyorlash uchun muntazam ekspertlar muloqoti zarurligini taʼkidladi.



