Xitoy mikrochip ishlab chiqaruvchilari aksiyalari keskin koʻtarildi
Juma kuni Xitoy mikrochip ishlab chiqaruvchilari aksiyalari hukumatning davlat fondlarining bozorni qoʻllab-quvvatlashdagi rolini kengaytirish vaʼdasidan soʻng keskin koʻtarildi.

Pekinda Xitoy Davlat kengashi davlat fondlarining bozorni barqarorlashtirishdagi rolini kuchaytirish va yetarli likvidlikni taʼminlashga vaʼda berdi. Yigʻilishga Davlat kengashi bosh vaziri Li Qiang raislik qildi.
Xabar eʼlon qilinganidan soʻng, savdolar davomida texnologik kompaniyalar taqdim etilgan STAR indeksi 14 foizga koʻtarildi. 40 ta mikrochip ishlab chiqaruvchisini oʻz ichiga olgan CSI Semiconductor indeksi 17,6 foizga oshdi — bu uning butun tarixidagi bir kunlik eng yirik oʻsishidir. CXMT, Cambricon va SMIC aksiyalari yetakchilar qatoridan joy oldi.
Shanxay, Shenchjen va Pekin birjalaridagi savdo aylanmasi avvalgi sessiyaga nisbatan 52 foizga yuqori boʻldi. Hukumat, shuningdek, sugʻurta va pensiya mablagʻlarining koʻproq qismini aksiyalarga yoʻnaltirish, ommaviy kompaniyalarni dividendlar toʻlash va aksiyalarni qayta sotib olish hajmini oshirishga undash, shuningdek, moliyaviy firibgarlikka qarshi kurashni kuchaytirishga vaʼda berdi.
Xabarda davlatga qarashli Central Huijin Investment kompaniyasini ham oʻz ichiga olgan barqarorlashtirish fondlari alohida tilga olindi. Yigʻilish yakunlari savdolar tugaganidan keyin emas, aynan savdolar qizgʻin davom etayotgan paytda eʼlon qilingani bozor tomonidan qoʻllab-quvvatlash signali sifatida qabul qilindi. Oʻsish Xitoy aksiyalari AQShning XXR kompaniyalarining sunʼiy intellekt uchun ilgʻor mikrochiplardan foydalanishiga doir yangi cheklovlari fonida pasayganidan keyin yuz berdi.



